Hazrati imom majmuasi (shuningdek, Hastimom) — Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan va XVI—XX asrlarga oid meʼmoriy yodgorlik. Majmua oʻz ichiga Moʻyi Muborak madrasasi, Qaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon madrasasi, Hazrati imom jome masjidi, Tillashayx masjidi va Imom al-Buxoriy Islom institutini qamrab olgan. Ansambl Toshkentning birinchi imom-xatibi, olim, Toshkentdagi ilk islom targʻibotchilaridan biri, shoir va hunarmand Hazrati Imom qabri yonida barpo etilgan[manba kerak].
Tarixiy manbalarga koʻra, Hazrati Imom qulf va kalit yasashda ham usta boʻlgan, buning uchun „Qulf sozlovchi“ degan maʼnoni anglatuvchi „Qaffol“ laqabini olgan, shuningdek, u Eski Ahdni (Tavrot) arab tiliga tarjima qilgan. Hazrati Imom 72 ta tilni bilgani rivoyat qilinadi.
Hozirgi kunda Hazrati Imom majmuasi Toshkent shahrining „Eski shahar“ qismida joylashgan boʻlib, 1966-yildagi kuchli zilziladan omon qolgan. 2007-yil boshida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Farmoni bilan Hazrati Imom (Hastimom) jamoatchilik jamgʻarmasi tashkil etilib, Hazrati Imom majmuasining tarixiy qiyofasini qayta tiklash maqsadida qurilish, taʼmirlash va obodonchilik ishlari olib borilgan.
Manba: Vikipediya – “Hazrati Imom majmuasi” · CC BY-SA 4.0
Boshqa tillarda o‘qish: Русский · English

