Ayoz qalʼa — milodiy II—IV asrlarga oid uchta qalʼa xarobasidan iborat arxeologik yodgorliklar majmuasi. Manzilgoh Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumanida joylashgan. Qizilqum choʻliga qaragan tepalik choʻqqisidagi bu joy qadimiy Xorazm qalʼasi xarobalarini oʻz ichiga oladi. Ayoz qalʼani Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi topib (1937), unda arxeologik qazishmalar olib bordi. Bu majmuadagi uchinchi qalʼa mufassalroq oʻrganildi. Uning sahni 260×180 m boʻlib, hovli va 40 xonali binodan iborat. Xonalarining umumiy maydoni 2400 m². Xona devorlari toʻrtburchakli xom gʻishtdan terilgan. Ayoz qalʼa majmuasida, asosan Kushon podsholigi davriga doir sopol, mehnat qurollari, qurol-yarogʻlar, zeb-ziynat buyumlari va tangalar, jumladan, Kanishka pullari topildi. Ayoz qalʼa oʻz davrida Xorazmning shimoli-sharqiy chegarasida mustahkam istehkom vazifasini oʻtagan.
Manba: Vikipediya – “Ayoz qalʼa” · CC BY-SA 4.0
Boshqa tillarda o‘qish: Русский · English · Deutsch · Français